Ovozli tinglash

AQŞning tibbiy texnologiyalar startapi Science Corporation D seriyali raund doirasida 400 mln dollar investitsiya jalb qildi. Bu haqda kompaniya öz blogida ma’lum qildi. TechCrunch naşri bitimdan xabardor manbaga tayanib yozişiça, investorlar startapni 3,5 mlrd dollarga baholagan.

Raundda Khosla Ventures, Ackman Oxman Institute, Tenet Healthcare, 885 Capital, Y Combinator va PLC Neurotech qatnaşdi. Kompaniya 2021-yilda taşkil topganidan beri jami 900 mln dollardan ortiq mablağ jalb qilgan. Science’ga Neuralink’ning sobiq prezidenti Max Hodak asos solgan va hozir u kompaniyaga rahbarlik qilmoqda.

Science kompaniyasining PRIMA implanti

Startapning birinçi mahsuloti PRIMA deb ataladi. Bu keç bosqiçdagi yoşga boğliq makula degeneratsiyasi tufayli közi ojiz bölib qolgan bemorlarga körişni qisman qaytarişga yordam beradigan implant qilinadigan çip va taqiladigan qurilmadan iborat tizim. PRIMA Yevropada CE belgisini olgan va Germaniyada sotuvga çiqqan. Kompaniya ma’lumotiga köra, bu harflar, raqamlar va sözlarni öqiş imkonini beruvçi körişni tiklaş uçun CE belgisini olgan ilk miya-kompyuter interfeysidir. Qurilma Stargardt kasalligi bilan oğrigan bemorlarda ham sinovdan ötkazilmoqda.

AQŞda Science PRIMA’ni FDA’ning Humanitarian Device Exemption yöli orqali çiqarmoqçi. Bu yöl eksperimental qurilmalardan kam uçraydigan kasalliklarni davolaşda foydalanişga imkon beradi. AQŞdagi sotuvlar boşlanişi FDA ruxsatiga boğliq.

Kompaniya yangi mablağni PRIMA’ni Yevropada kengroq tarqatiş, AQŞdagi çiqişga tayyorgarlik köriş, tadqiqot, işlab çiqariş va operatsion faoliyatni kengaytiriş hamda biogibrid dasturga sarflaşni rejalaştirmoqda.

Science’ning biogibrid neyrointerfeysi

Biogibrid neyrointerfeys muhandislik yöli bilan yaratilgan neyronlarni miya zanjirlari bilan birlaştiradigan qurilmadir. Science uni Yel universitetining neyroxirurgiya professori Murat Günel bilan birga dastlabki klinik sinovlarga tayyorlamoqda. Günel avvalroq TechCrunch’ga bunday texnologiya Parkinson kasalligi va miyaning boşqa şikastlaniş hamda kasalliklarini davolaşda qöllanişi mumkinligini aytgan edi.